Britaniyada tekshirilmagan elektromobil quvvatlagichlari xavfidan ogohlantirildi
Safer Charging Britaniyada minglab uy va ofis quvvatlagichlari oʻrnatilgandan beri tekshirilmaganini aytdi. Xususiy qurilmalar uchun ommaviy quvvatlagichlarnikidek talablar yoʻq.

Kompaniya xususiy quvvatlagichlardagi nosozlik majburiy texnik xizmat koʻrsatish talablari yoʻqligi sababli sezilmay qolishi mumkinligidan ogohlantirdi. Gap uylar va keng jamoatchilik foydalana olmaydigan ish joylaridagi quvvatlagichlar haqida bormoqda.
Safer Charging asoschisi Kris Chithemning hisoblashicha, Britaniyada bunday qurilmalarning yuz minglabi muntazam koʻriklarsiz eskirishi mumkin. Uning soʻzlariga koʻra, tekshiruvlarning yoʻqligi quvvatlash infratuzilmasiga boʻlgan ishonchni susaytirib, elektromobillarga oʻtishni sekinlashtirishi mumkin. U ishlab chiqaruvchi yoki oʻrnatuvchi kompaniyaning yopilib qolishi xavfini ham qayd etdi: bunday holatda egalar kafolat va servis koʻmagidan ayrilishi mumkin.
Ommaviy quvvatlash stansiyalariga Public Charge Point Regulations talablari tatbiq etiladi. Office for Product Safety and Standards nazorat qiladigan bu qoidalar ommaviy quvvatlagichlar 99% vaqt davomida foydalanish uchun mavjud boʻlishini talab qiladi. Keng jamoatchilik foydalana olmaydigan uy va ofis qurilmalari bu qoidalar doirasiga kirmaydi.
Ofis quvvatlagichlariga ish joyidagi elektr uskunalari xavfsizligi talabi tatbiq etiladi. Ularning holatini har besh yilda Electrical Installation Condition Report yordamida baholash tavsiya etiladi. Bunday hisobotning yoʻqligi kompaniya uchun sugʻurta bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, tekshiruvni quvvatlagichlarga ixtisoslashmagan xodimlar ham oʻtkazishi mumkin.
Chithem misol sifatida 2022 yilda maʼmuriyat boshqaruviga oʻtgan Andersen EV kompaniyasini keltirdi. Yangi egasi uning majburiyatlarini qabul qilmadi, 2022 yil 24 oktabrgacha xarid qilingan quvvatlagichlar esa shartnomaviy kafolat koʻmagidan mahrum boʻldi. Yirik ishlab chiqaruvchi vakili xaridorlarga yetkazib beruvchi va oʻrnatuvchining uzoq muddatli barqarorligini oldindan tekshirishni tavsiya qildi. Department for Transport xususiy quvvatlagichlarga nisbatan ommaviy stansiyalar qoidalarini joriy etishni hozircha koʻrib chiqmayotganini bildirdi.
Yana oʻqing

Mercedes ochiq komponovkali noodatiy elektr shassisini sinovdan oʻtkazmoqda
Texnologiyalar26-noyabr, 17:54
Elektromobil narxidagi robot: Xpeng androidlarini qancha narxda sotishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi
Texnologiyalar26-noyabr, 17:03


