Nio xavfsizlik yostiqchalarini «qaytarib olish» haqidagi firibgar SMSlardan ogohlantirdi
Nio egalarni qalbaki sahifalarga olib boruvchi «xavfsizlik yostiqchalarini qaytarib olish» haqidagi soxta SMSlardan ogohlantirdi. Boshqa ishlab chiqaruvchilar ham shunga oʻxshash sxemalar haqida xabar berdi.

Kompaniya firibgarlar Nio va nazorat organlari nomidan ish koʻrib, egalariga qaytarib olish tartibi haqida yolgʻon xabarnomalar yuborayotganini maʼlum qildi. Xabarlarda shaxsiy va avtomobilga oid maʼlumotlarni qoʻlga kiritishga uriniladigan norasmiy havolalar bor.
Qalbakilashtirilgan hujjatlarda Nio nomi, logotipi va soxta muhrlar ishlatilgan. Qabul qiluvchilarni 2 soat ichida servis bilan bogʻlanishga ishontirib, kafolat xizmatini bekor qilish bilan qoʻrqitishadi. Nio tizimiga kirish sahifasi koʻrinishida tayyorlangan boshqa sahifada esa telefon raqami va tasdiqlash kodi soʻraladi. Kompaniya bunday xabarlar va hujjatlar rasmiy emasligini, xavfsizlik yostiqchalarini qaytarib olish haqidagi maʼlumot esa yolgʻon ekanini taʼkidladi.
Nio shubhali havolalarni ochmaslik, SMSlarga javob bermaslik va shaxsiy yoki avtomobilga oid maʼlumotlarni nomaʼlum yuboruvchilarga bermaslikka chaqirdi. Qaytarib olish haqidagi maʼlumotni Nioʻning rasmiy kanallari va Xitoy Bozorni tartibga solish davlat boshqarmasi (SAMR) orqali tekshirish mumkin. Shubha tugʻilganda kompaniya rasmiy qoʻllab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishni tavsiya qildi.
Aito, Ford, BMW China, BYD, Li Auto, Volkswagen China, Chery va GWM ham shunga oʻxshash ogohlantirishlar chiqardi. Aito bunday SMSlar haqida 6 noyabrda, Ford China esa 13 noyabrda xabar berdi. BMW China rasmiy qaytarib olish xabarnomalarida bank rekvizitlari, tasdiqlash kodlari, pul oʻtkazmalari yoki toʻlovlar talab qilinmasligini alohida qayd etdi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchilar hozircha xabarlar taʼsir qilgan egalar soni va moliyaviy zarar miqdorini oshkor qilmadi. Turli brendlar nomidan yuborilgan xabarlar bitta firibgarlar guruhi bilan bogʻliq yoki bogʻliq emasligi ham nomaʼlum.





