Nissan kuzov detallari uchun ananas barglari tolalaridan material ishlab chiqdi
Nissan va FOOD REBORN ananas barglari tolalaridan kompozit yaratdi. Uni avtomobillarning kuzov panellarida qoʻllash rejalashtirilmoqda.

Nissan Yaponiyaning FOOD REBORN kompaniyasi bilan hamkorlikda ananas barglari tolalari asosidagi yangi kompozit materialni ishlab chiqdi. Texnologiya namoyishi sifatida hamkorlar R35 avlodiga mansub GT-R sportkari uchun kapot tayyorladi. Ushbu ishlanma qishloq xoʻjaligi chiqindilaridan avtomobil detallari ishlab chiqarishda foydalanish imkonini beradi.
Loyiha, shuningdek, avtosport uchun ekologik toza kompozitlar yetishmasligi muammosini hal qilishga qaratilgan. Ayrim poyga toifalarida kuzov panellarini modifikatsiya qilishda tabiiy tolalar asosidagi materiallardan foydalanish talab etiladi. Biroq bunday materiallarni yetkazib beruvchilar kam, mahsulot narxi esa yuqori.
Ishlab chiqarish jarayonida ananas barglaridan olingan tolalar yassi ipga aylantiriladi, undan keyin mato tayyorlanadi. U kompozitning mustahkamlovchi komponenti sifatida ishlatiladi. Nissan maʼlumotlariga koʻra, olingan materialning choʻzilishdagi mustahkamligi zigʻir asosidagi anʼanaviy kompozitnikidan yuqoriroq. Shu bilan birga, sinov natijalari va batafsil xususiyatlar hozircha oshkor etilmagan.
Har yili dunyoda 50 mln tonnadan ortiq ananas barglari ishlatilmay qoladi. Nissan yangi materialni nafaqat avtomobillarda, balki sport buyumlari va boshqa mahsulotlarda ham qoʻllash imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.
Ishlanma 18–20 noyabr kunlari Tokioda boʻlib oʻtadigan SAMPE Japan Advanced Materials Technology Exhibition 2026 koʻrgazmasida taqdim etiladi. Materialni Nissanning texnologik ishlanmalari asosida FOOD REBORN ishlab chiqaradi.





