Volkswagen Buyuk Britaniyada ID. Cross narxlarini eʼlon qildi: 35 500 dollarlik versiya keyinroq chiqadi
Volkswagen Buyuk Britaniyada ID. Cross uchun buyurtmalarni 2026-yil 19-noyabrda qabul qila boshlaydi. 37 kVt·soatlik batareyaga ega versiyalar 2027-yil yanvarida 35 500 dollardan boshlanadigan narxda chiqadi

Buyuk Britaniyadagi ID. Cross qatorida dastlab 52 kVt·soatlik batareya va 211 PS quvvatli elektr dvigatelga ega Life va Style komplektatsiyalari taqdim etiladi. Ularning narxi mos ravishda 39 920 va 44 420 dollarni tashkil qiladi.
37 kVt·soatlik batareya va 135 PS quvvatli dvigatelga ega bazaviy Life va Style versiyalari 2027-yil yanvarida sotuvga chiqadi. Ular 35 600 va 40 100 dollar turadi. Volkswagen bu versiyalar sotuvi boshlanadigan aniq sanani hozircha eʼlon qilmagan.
ID. Cross — ixcham T-Crossʼning elektr analogi. Krossover MEB+ platformasida qurilgan, besh kishini sigʻdiradi va yukxonasi 475 litr hajmga ega. Orqa oʻrindiqlar buklanganda bu hajm 1 345 litrgacha oshadi.
Model uchun ikkita akkumulyator koʻzda tutilgan: sigʻimi 37 kVt·soat boʻlgan LFP va 52 kVt·soatlik NMC. WLTP sikli boʻyicha yurish zaxirasi mos ravishda 312 va 427 kilometrgacha yetadi. Oʻzgarmas tokda quvvatlashning maksimal quvvati kichik sigʻimli batareya uchun 88 kVt, kattasi uchun esa 105 kVtni tashkil etadi: quvvatni 10 foizdan 80 foizgacha oshirish 23 daqiqadan boshlanadi.
Barcha versiyalar avtomobildan tashqi qurilmalarni quvvatlantirish manbai sifatida foydalanish imkonini beruvchi V2L funksiyasiga ega. Salonda 10,25 dyuymli ekranga ega Digital Cockpit Pro raqamli asboblar paneli va diagonali 12,9 dyuym boʻlgan multimedia displeyi oʻrnatilgan. Volkswagen, shuningdek, iqlimni boshqarish uchun fizik tugmalarni qaytardi.
52 kVt·soatlik batareyaga ega versiya Buyuk Britaniya davlatining elektromobillar uchun 1 900 dollarlik subsidiyasini olish huquqiga ega. 37 kVt·soatlik batareyali modifikatsiyalar uchun grant olish imkoniyatini kompaniya keyinroq tasdiqlashni kutmoqda.





