Lexus va Toyota dvigatorlari nimasi bilan farq qiladi: modellar boʻyicha tahlil
Lexus va Toyota modellarining aksariyati umumiy motorlardan foydalanadi, biroq sozlamalari va jihozlanishi farq qiladi. Lexus flagman va sport avtomobillari uchun oʻz agregatlariga ega.

Toyota oʻz brendlari boʻylab umumiy texnik arxitekturalardan keng foydalanadi. Shu sabab koʻplab Lexus modellari Toyota avtomobillaridagi bazaviy kuch qurilmalari bilan bir xil agregatlarni oladi. Farqni sozlamalar va jihozlanish yuzaga keltiradi: har bir marka va model uchun dvigatel boshqaruv bloki oʻziga xos kalibrovkalarga ega boʻlishi mumkin, Lexus esa umumiy motorlarni yaxshilangan shovqin izolyatsiyasi, yuqoriroq sifatli materiallar va osmaning oʻz sozlamalari bilan toʻldiradi.
Bunga 2,5 litrli, toʻrt silindrli atmosferali gibrid dvigatel misol boʻla oladi. Undan Toyota RAV4 va Lexus NX 350h, shuningdek Toyota Camry va Lexus ES 350h foydalanadi. 2,4 litrli turbomotor Toyota Grand Highlander va Lexus TX 350 modellariga oʻrnatiladi. Hajmi 3,4 litr boʻlgan biturbo V6 toʻliq oʻlchamli Toyota Tundra va Sequoia, shuningdek ramali Lexus GX va LX uchun moʻljallangan. 3,5 litrli atmosferali V6 dvigateldan Toyota Highlander va Sienna, shuningdek Lexus IS, ES va RX modellari yillar davomida foydalangan.
Lexusʼda Toyota modellarida uchramaydigan kuch qurilmalari ham bor. Ishlab chiqarilishi toʻxtatilgan LFA superkari uchun Yamaha ishtirokida yuqori aylanishli, 4,8 litr hajmli atmosferali V10 ishlab chiqilgan. Yaponiyada u «Takumi» tamoyili asosida qoʻlda yigʻilgan: 500 ta avtomobilning har biriga bir muhandis boshidan oxirigacha yigʻib, shaxsan maʼqullagan dvigatel oʻrnatilgan.
Lexusʼga xos yana bir motor — yaqinda ishlab chiqarilishi toʻxtatilgan 5 litrli 2UR-GSE V8. U IS F, RC F, GS F va LC 500 modellariga oʻrnatilgan. Toyota gibrid kuch qurilmasi uchun hajmi 4 litr boʻlgan yangi biturbo V8 ishlab chiqdi va uni flagman GR GT superkari uchun saqlab qoʻydi. LFA vorisi elektr avtomobil boʻladi.





