«Kulrey» kerak emas: yangi Jetour X70M 9 450 dollar evaziga XXR bozoriga chiqdi
Xitoyda Jetour X70M sotuvi boshlandi: bazaviy versiya 62 900 yuan turadi, bu valyuta kursi boʻyicha 9 450 dollarga teng.

Jetour X70M bitta 1,5 litrli Kunpeng turbomotori bilan uchta komplektatsiyada taklif etiladi. Uning quvvati 156 ot kuchi, aylantiruvchi momenti esa 230 Nm ga teng. Standart versiyada motor 6 pogʻonali mexanik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi, qoʻshimcha haq evaziga 6 diapazonli «robot» ham mavjud.
Krossoverning uzunligi 4400 mm, kengligi — 1841 mm, balandligi esa 1690 mm. Gʻildirak bazasi 2615 mm ga yetadi. Model avvalgisidan bamper bilan birlashtirilgan yirik radiator panjarasi hamda vertikal yon havo kirish teshiklari bilan farq qiladi.
Avtomobil negizida old tomonda Makferson ustunlari, orqada esa koʻp boʻgʻinli osma qoʻllangan. Kuchaytirilgan pastki richaglar va koʻndalang barqarorlik stabilizatorlari burilishlardagi ogʻishni kamaytirib, notekis yoʻllarda yurish ravonligini oshiradi.
Salonda diagonali 10,25 dyuym boʻlgan ikkita birlashtirilgan ekran oʻrnatilgan, dvigatelni kalit yordamida masofadan ishga tushirish funksiyasi va toʻrtta elektr oynakoʻtargich koʻzda tutilgan. Old oʻrindiqlarga sunʼiy charm bilan qoplangan, qalinligi 20 mm boʻlgan yumshoq poliuretan toʻldirgich qatlami qoʻshilgan. Haydovchi oʻrindigʻi elektr yuritma orqali olti yoʻnalishda, yoʻlovchi oʻrindigʻi esa toʻrt yoʻnalishda sozlanadi. Old oʻrindiqlar suyanchiqlari 150 darajagacha, orqa divan suyanchigʻi esa 105 darajagacha egiladi.
Salonda buyumlarni joylashtirish uchun 27 ta joy mavjud. Ikkinchi qator suyanchiqlari buklanganda yukxona hajmi 1262 litrga yetadi. Orqa eshikning elektr yuritmasi toʻsiqni aniqlaganida qisilib qolishning oldini oladi. Kameralar avtomobil atrofini koʻrishni taʼminlaydi va kapot tomondan avtomobil ostidagi makonni ham koʻrsatadi. X70M konstruksiyasining mustahkamligi XXR davlat standartlaridagi koʻrsatkichlardan 30 foiz yuqori.





