Geely Galaxy besh oʻrinli gibrid krossover M8’ni eʼlon qildi
Geely Galaxy flagman gibrid krossoveri M8 debyutiga tayyorlanmoqda. Besh oʻrinli model M7 va M9 orasidagi qatorni toʻldiradi, biroq chiqish sanasi va narxi hozircha ochiqlanmagan.

Geely Galaxy yirik krossoverlar oilasini yangi M8 modeli bilan kengaytiradi. Brend Weiboʻda uning yaqin oradagi debyutini eʼlon qildi, biroq sotuvlar boshlanishi muddati va avtomobil narxini aytmadi.
M8 1.5T benzin dvigateli va elektr motorlariga ega, tashqi manbadan quvvatlanadigan gibrid sifatida yaratilgan. Model ikki yoki toʻrt gʻildirakli yuritma bilan taklif etiladi, dvigatel quvvati esa 120 kVtni tashkil qiladi. CATL litiy-temir-fosfat batareyalari bir marta quvvatlanganda elektr tortishida 251 km gacha yurish imkonini beradi.
Regulyator hujjatlariga koʻra, M8’ning uzunligi 5 205 mm, kengligi 1 999 mm, balandligi 1 800 mm, gʻildirak bazasi esa 3 030 mm. Oʻlchamlari boʻyicha avtomobil Galaxy M9 bilan bir xil, ammo yangi model M9’dagi uch qator va olti oʻrindiq oʻrniga ikki qator hamda besh oʻrindiqqa ega boʻladi. Bunday variant orqa qatordagi kenglik va yukxonani muhimroq deb biladigan xaridorlarga moʻljallangan.
Avtomobil avvalroq Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi reyestrida paydo boʻlgan. Hujjatlarda krossover tomga oʻrnatilgan lidar bilan jihozlanishi ham koʻrsatilgan. M8 chiqarilgach, Geely Galaxy M model qatoriga uchta avtomobil — M7, M8 va M9 — kiradi.





