Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Sharhlar

2017-yilgi Toyota Avalon sharhida eng ishonchli deb topildi, narxi — 15 800 dollardan

Ishlatilgan avtomobillar sharhida 2017-yilgi Toyota Avalon modelning eng ishonchli varianti deb ataldi. AQSh bozorida bunday sedanlar taxminan 15 800–24 000 dollar turadi.

13-noyabr, 18:56По-русски

Read in English

carbuzz.com

Sharh mualliflari 2017-yilgi Toyota Avalonʼni modelning eng ishonchli varianti sifatida ajratib koʻrsatdi. Bu sedan toʻrtinchi avlodining ishlab chiqarilgan soʻnggi yili boʻlgan. Shu sababli u Toyota ushbu avlodni ishlab chiqargan davrda kiritgan barcha asosiy takomillashtirishlarga ega boʻlgan.

Model atmosferali benzinli V6 dvigatel yoki toʻrt silindrli dvigatel negizidagi gibrid kuch qurilmasi bilan taklif etilgan. Birinchi variant dinamikani muhim deb biladigan xaridorlarga mos kelgan boʻlsa, gibrid versiya tejamkorroq foydalanishga moʻljallangan. Sedan uchun XLEʼdan Limited va Touringʻgacha boʻlgan bir nechta komplektatsiya mavjud edi.

Avalon ishlab chiqarishdan chiqarilgan, shu bois hozir uni ikkilamchi bozordan izlashadi. AQShda avtomobillarning narxi yurish masofasi, holati va jihozlariga bogʻliq: yaxshi saqlangan Limited va Touring versiyalari odatda bazaviy avtomobillardan qimmatroq turadi. RepairPal bahosiga koʻra, yaxshi parvarishlangan avtomobilga xizmat koʻrsatish yiliga taxminan 498 dollarga tushadi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

J.D. Power va Kelley Blue Book maʼlumotlari ham modelning ishonchlilik darajasi yuqori ekanini koʻrsatadi. AQSh Milliy yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi bazasida chaqirib olish kampaniyalari mavjud. Ular qatorida xavfsizlik yostiqchalari boshqaruv bloki bilan bogʻliq muammo ham bor: avariya vaqtida nosozlik xavfsizlik yostiqchalari va xavfsizlik kamarlari taranglagichlarining ishga tushishiga xalaqit berishi mumkin edi. Ishlatilgan avtomobilni xarid qilishdan oldin zarur ishlar bajarilgan-bajarilmaganini tekshirish tavsiya etiladi.

Qayd etilgan shikoyatlarning aksariyati dvigatel va elektr jihozlariga taalluqli boʻlgan. Biroq sharh mualliflari bunday holatlarni tizimli nosozlik emas, balki alohida uchraydigan muammolar deb hisoblaydi. Umuman olganda, egalari avtomobilni qulaylik, jihozlanish darajasi va saqlash xarajatlarining moʻtadilligi uygʻunligi uchun yuqori baholaydi.