Cadillac Escalade-V AMG GLS 63’dan kuchli va Rolls-Royce Cullinanʼdan arzon
2027-yilgi bazaviy Cadillac Escalade-V $169 300 turadi, 682 ot kuchiga ega va quvvatda AMG GLS 63’dan ustun. Rolls-Royce Cullinan narxi taxminan $429 600 dan boshlanadi.

Cadillac Escalade-V Mercedes-AMG GLS 63 va Rolls-Royce Cullinan bilan narxi, quvvati, jihozlanishi hamda egalik xarajatlari boʻyicha taqqoslandi. Narxlar yetkazib berish, opsiyalar, soliqlar, chegirmalar va diler yigʻimlarisiz koʻrsatilgan, shuningdek, oʻzgarishi mumkin.
Escalade-Vʼning ESV deb ataladigan uzaytirilgan versiyasi ham bor: uning bazaviy narxi $172 300. 2026-yilgi Mercedes-AMG GLS 63 narxi opsiyalarsiz $151 050 dan boshlanadi, Rolls-Royce Cullinan esa taxminan $429 600 turadi. Ikkinchisi qimmatroq toifaga kiradi va Cadillacʼning bevosita raqibi hisoblanmaydi.
Cadillac 682 ot kuchiga ega, mexanik kompressorli 6,2 litrli V8 dvigatel bilan jihozlangan. AMG GLS 63’da bu koʻrsatkich 603 ot kuchi. Standart Cullinan 563 ot kuchi, Black Badge versiyasi esa 592 ot kuchi ishlab chiqaradi. Escalade-V ramali platformada qurilgan, tortish kuchini barcha gʻildiraklarga uzatadi va 10 pogʻonali avtomat uzatmaga ega.
Cadillac jihozlari qatoridan panoramali 55 dyuymli ekran, ikkinchi qator yoʻlovchilari uchun ikkita 12,6 dyuymli displey, charm va karbon bezaklar, shuningdek, 36 ta karnayli AKG audio tizimi oʻrin olgan. Sport rejimida modelning rul boshqaruvi, Brembo tormozlari va osmasi sozlamalari oʻzgaradi.
Shu bilan birga, General Motorsʼning 6,2 litrli V8 dvigatelida hujjatlashtirilgan muammolar mavjud: bu dvigatellar bilan bogʻliq daʼvolar va chaqirib olish kampaniyalari boʻlgan. Escalade-V ikkilamchi bozorda ham qiymatini sezilarli darajada yoʻqotadi, biroq unga xizmat koʻrsatish va taʼmirlashning oʻrtacha xarajatlari oʻxshash Mercedes-Benz GLS hamda Rolls-Royce Cullinanʼnikidan past.





