Yangi Mitsubishi Pajero sotuv geografiyasini kengaytira boshlamoqda
Mitsubishi Pajeroʻning dastlabki seriyali avtomobillari Tailanddan Avstraliyaga joʻnatildi. U yerda sotuvlar Yaponiyadagi 17-dekabr startidan oldin, yaqin haftalarda boshlanishi kutilmoqda.

Yangi Mitsubishi Pajero Tailanddagi zavoddan ilk xorijiy bozorga joʻnatilmoqda. Avstraliya OAV xabariga koʻra, sotuvlar rasman boshlanmasidanoq Mitsubishi yoʻltanlamas avtomobil uchun minglab ariza olgan.
Dastlab model rul oʻng tomonda joylashgan mamlakatlar — Avstraliya, Tailand va Yaponiyada sotiladi. Kompaniya 2027-yil aprelidan boshlab sotuv geografiyasini Janubi-Sharqiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Yaqin Sharq bozorlari ham kiradigan qariyb 100 ta mamlakatgacha kengaytirishni rejalashtirmoqda. Yevropa va Shimoliy Amerikaga yetkazib berish hozircha tasdiqlanmagan.
Ishlab chiqarish Tailandda yoʻlga qoʻyilgan: Mitsubishi Pajero shu yerda Mitsubishi Triton va Nissan Navara bilan bir liniyada ishlab chiqariladi. Barcha komplektatsiyalar 204 ot kuchi va 480 Nm aylantiruvchi momentga ega, turbokompressorli 2,4 litrli 4N16 dizel dvigateli bilan jihozlangan. Dvigatel sakkiz pogʻonali avtomatik uzatma va Mitsubishi Super Select II toʻliq yuritmasi bilan ishlaydi.
Avstraliya versiyasi uchun zavodda oʻrnatiladigan yoʻltanlamas aksessuarlari paketi koʻzda tutilgan. Unga qoʻshimcha yon elementlari bilan yoki ularsiz old himoya yoylari, shuningdek, qora va sayqallangan koʻrinishdagi variantlar kiradi. Katalogda faralar uchun himoya qoplamalari hamda kapot dizayni elementlari — shaffof, qoraytirilgan va mat-qora, ichiga Pajero emblemasi oʻrnatilgan variantlar ham boʻladi.





