Toyota tarixidagi eng qudratli GRMN Corolla uchun oldindan buyurtmalarni qabul qila boshladi
Toyota Yaponiyada 304 ot kuchiga ega GRMN Corolla uchun oldindan buyurtmalarni qabul qila boshladi. Model cheklangan seriyada ishlab chiqariladi, xaridorlar esa tanlov asosida saralab olinadi.

Yangilik Gazoo Racing boʻlinmasi tomonidan oddiy GR versiyasi negizida ishlab chiqilgan. Toyota jami 730 ta avtomobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda, shundan 190 tasi Yaponiya bozori uchun moʻljallangan. Mamlakatda xetchbekka faqat maxsus ilova orqali buyurtma berish mumkin.
GRMN Corollaʼning Yaponiyadagi narxi 9,8 mln iyenani yoki amaldagi valyuta kursi boʻyicha qariyb 64 ming dollarni tashkil etadi. Biroq bu mablagʻga ega boʻlish avtomobilni sotib olishni kafolatlamaydi: kompaniya tanlov oʻtkazadi va nomzodlarni bir nechta mezon, jumladan, oʻzining ichki standartlari asosida baholaydi.
Avtomobildan orqa oʻrindiqlar qatori olib tashlangan. Uning oʻrniga kuzov qattiqligini oshiradigan va mashina massasini 1450 kg gacha kamaytirishga yordam beradigan kuchaytiruvchi toʻsin oʻrnatilgan. Xetchbek takomillashtirilgan turbomotor, mexanik uzatmalar qutisi va qayta sozlangan toʻliq yuritmaga ega boʻlgan. Kuch qurilmasining aylantiruvchi momenti 415 Nm gacha oshirilgan.
Uzoq davom etadigan yuklamalarda quvvatni saqlab qolish uchun muhandislar interkulerga purkash tizimi va qoʻshimcha yordamchi radiator qoʻshgan. Konstruktsiyada poyga avtomobillaridan olingan yechimlar ham qoʻllangan: bir quvurli amortizatorlar va ichki qaytish cheklagichlariga ega prujinalar.
Tashqi koʻrinishida GRMN Corolla yangi aerodinamik detallari, jumladan, old qanotlar, oʻzgartirilgan kapot, yon splitterlar va hujum burchagi sozlanadigan yirik orqa qanoti bilan ajralib turadi. Salonda chelak tipidagi oʻrindiqlar oʻrnatilgan.





