BMW uzoq vaqt yashirib kelingan 7-seriya E38 asosidagi M7 prototipini koʻrsatdi
BMW 7-seriya E38 asosida, 1997-yilgi BMW 740i negizida yaratilgan M7 prototipini namoyish etdi. U E39 M5 modelidan olingan 4,9 litrli V8 dvigatel, 400 ot kuchi va olti pogʻonali mexanik uzatmaga ega.

Avtomobil BMW omborlaridan olib chiqilib, BMW Classic videosida namoyish etildi. Prototip uchun BMW 740i asos qilib olindi; unga E39 M5 modelining atmosferali dvigateli va olti pogʻonali mexanik uzatmalar qutisi oʻrnatildi.
BMW M7 Prototype uchun maksimal tezlikni 250 km/soat deb koʻrsatmoqda, uning ogʻirligi esa 1875 kg ni tashkil etadi. Kompaniya loyiha boʻyicha boshqa texnik xususiyatlarni oshkor qilmadi.
Prototipga BBS disklari, oʻzgartirilgan orqa bamper va chiqarish tizimining toʻrtta quvuri oʻrnatilgan. Bunday chiqarish tizimi oʻsha paytdagi seriyali 7-seriyada qoʻllangan yechimlardan sezilarli darajada farq qilgan. Shu bilan birga, umumiy dizayn modelning vazmin xarakterini saqlab qolgan.
Salon qora va bej rangdagi materiallardan tayyorlangan ikki rangli bezakka ega. Shuningdek, unda uch kegayli M rul, markaziy konsoldagi mexanik uzatma selektori va E39 M5 modelidan olingan asboblar paneli oʻrnatilgan. Bu prototip seriyali ishlab chiqarishgacha yetib bormadi.





