Band qilingan zaryadlash qurilmasi uchun jarima: BYD haydovchiga 45 dollar hisoblab yozdi
Xitoyda haydovchi avtomobilini zaryadlash tugaganidan keyin ham qurilmaga ulangan holda qoldirgani uchun BYD tomonidan 45 dollar jarimaga tortildi. Bekor turish haqi 15 daqiqadan soʻng undiriladi — daqiqasiga 0,45 dollar.

Mavjud maʼlumotlarga koʻra, BYD Flash Charger stansiyalarida bekor turish haqini ilk bor joriy qilgan. Haydovchi avtomobilini qariyb ikki soat ulangan holda qoldirgach, unga maksimal sutkalik toʻlov — 45 dollar hisoblandi.
Tarif daqiqasiga 0,45 dollarni tashkil etadi va zaryadlash yakunlanganidan 15 daqiqa oʻtib qoʻllanila boshlaydi. Haydovchi zaryadlash seansining oʻzi uchun 3 dollar toʻlagan. U ijtimoiy tarmoqlarda operatsiya aks etgan suratni hamda BYDning haq undirilgani haqidagi xabarini eʼlon qilib, kompaniya harakatlarini aqldan ozganlik deb atadi.
Quvvati 1,5 megavattgacha boʻlgan Flash Charger stansiyalari mos keladigan elektromobillarni 10 foizdan 97 foizgacha 9 daqiqada, 10 foizdan 70 foizgacha esa 5 daqiqada zaryadlaydi. BYD yil oxirigacha Xitoydagi bunday stansiyalar sonini 20 000 taga yetkazishni rejalashtirmoqda. Avvalroq kompaniya butun dunyo boʻylab 6 000 ta stansiya qurish rejalarini ham eʼlon qilgan edi; ularda ham bekor turish haqi joriy etilishi kutilmoqda.
Raqobatchilarda bu toʻlovlar pastroq. Nio 15 daqiqalik imtiyozli davrdan keyin daqiqasiga 0,75 dollar oladi, maksimal summa esa 7,5 dollarni tashkil etadi. StarCharge ham xuddi shunday daqiqalik tarifni qoʻllaydi, biroq haq undirilmaydigan 10 daqiqa beradi va toʻlovni 12 dollar bilan cheklaydi.
Yirik shaharlardan tashqarida Xitoydagi tezkor zaryadlash stansiyalarida bir kilovatt-soat elektr energiyasi 0,15–0,23 dollar turadi. Operatorlar ilovalardagi reklama va «bir martalik zaryadlash sugʻurtasi»dan ham qoʻshimcha daromad oladi.
Yana oʻqing

Mazda CX-90 krossoveri AutoExeʼdan sportcha takomillashtirishlarga ega boʻldi
Yangiliklar11:06
BYD Whale miniveni 2026-yilgi Guanchjou avtosalonida ilk bor 900 km yurish zaxirasi bilan namoyish etildi
Yangiliklar10:20


