Ishlatilgan Alfa Romeo Giulia Quadrifoglio yangi Toyota Camryʼdan arzonroq boʻldi
AQShda 2020-yilgi Alfa Romeo Giulia Quadrifoglio 30 000 dollardan kamiga sotilmoqda, yangi Toyota Camry narxi esa 36 000 dollardan boshlanadi. Alfa 505 ot kuchiga ega, biroq unga xizmat koʻrsatish xavfi yuqoriroq.

Kuchli amortizatsiya Alfa Romeo sport sedanini yangi Toyota Camry bilan deyarli bir xil narx toifasiga olib keldi. Kelley Blue Book uning adolatli qiymatini taxminan 34 410 dollar deb baholamoqda, savdo maydonchalaridagi eʼlonlarda esa oʻrtacha yurgan masofaga ega va texnik xizmat koʻrsatilgani tasdiqlangan avtomobillar 30 000 dollardan arzon taklif qilinmoqda.
Giulia Quadrifoglio Ferrari ishtirokida yaratilgan ikki turbinali V-simon dvigatel, avtomatik uzatmalar qutisi va orqa gʻildirakdan tortish tizimi bilan jihozlangan. Uning kuch qurilmasi 505 ot kuchini rivojlantiradi. Jihozlar qatoriga adaptiv osma, tortish kuchini qayta taqsimlovchi oʻz-oʻzidan bloklanadigan differensial, Brembo tormozlari va faol aerodinamika ham kiradi. Alfa Romeo maʼlumotlariga koʻra, sedan 100 km/soat tezlikka toʻrt soniyadan kamroq vaqtda chiqadi.
Camryʼdan ustun jihatlari — dinamikasi va boshqaruvchanligi, biroq Alfa Romeoʻga egalik qilish ancha murakkabroq boʻlishi mumkin. Manbada elektronika va datchiklar bilan bogʻliq nosozliklar, sovitish tizimidagi muammolar, shinalarning tez yeyilishi hamda tormozlarga qimmat xizmat koʻrsatish qayd etilgan. Avtomobilni sotib olishdan oldin servis tarixini, diagnostika xatolarini, tormozlar va shinalar holatini tekshirish, shuningdek, zamonaviy Alfa Romeo avtomobillarini yaxshi biladigan ustaxonada koʻrikdan oʻtkazish tavsiya etiladi.
Modelga premium toifadagi benzin kerak boʻladi va uni sugʻurtalash odatda qimmatroqqa tushadi. EPA bahosiga koʻra, Giulia Quadrifoglio shaharda 100 km ga 13,84 litr, trassada esa 9,41 litr yoqilgʻi sarflaydi. Camry XSE AWD esa aralash siklda 100 km ga 5,47 litr sarf koʻrsatadi. Shu sababli narxlar oʻrtasidagi farqni taʼmirlash va rejali texnik xizmat uchun zaxira sifatida saqlab qoʻyish tavsiya etiladi.





