BYD Whale miniveni 2026-yilgi Guanchjou avtosalonida ilk bor 900 km yurish zaxirasi bilan namoyish etildi
BYD Whale modelini Guanchjou avtosalonida taqdim etdi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, minivenning elektr versiyasi CLTC sikli boʻyicha 900 km gacha yura oladi.

Whale BYDʼning Ocean qatoridagi ilk koʻp maqsadli avtomobil boʻldi. Minivenning uzunligi 5270 mm, eni — 1996 mm, balandligi — 1815 mm, gʻildirak bazasi esa — 3130 mm. Model seriyadagi boshqa avtomobillar uslubidagi dizaynga va tomga oʻrnatilgan lidarga ega. Interyer hozircha ochiqlanmagan, biroq avtomobil 2+2+3 sxemasida yetti oʻrindiq bilan taklif qilinishi mumkin.
Xitoyda miniven ikki xil variantda sotuvga chiqariladi: elektr rejimida 400 km yurish zaxirasiga ega zaryadlanuvchi gibrid hamda CLTC boʻyicha 900 km gacha yurish koʻrsatkichi beradigan toʻliq elektr versiya. Batareyalar va boshqa texnik xususiyatlar haqidagi maʼlumotlar hozircha eʼlon qilinmagan. Har ikki modifikatsiya tezkor quvvatlash funksiyasiga ega boʻladi: quvvat 10 foizdan 97 foizgacha toʻqqiz daqiqada toʻldiriladi.
Mavjud maʼlumotlarga koʻra, Whale avtomobilining Xitoydagi sotuvi 2027-yilning birinchi choragida boshlanadi. Taxminiy narxi qariyb 42 000 dollarni tashkil etadi. Avtomobil Godʼs Eye haydovchiga yordam berish tizimi bilan jihozlanadi: BYD taʼrifiga koʻra, tizim manzildan manzilgacha yoʻnalish tuzishi va haydovchi nazorati ostida avtomobilni mustaqil boshqarishi mumkin.





