Chery iCar 1 240 km gacha yurish zaxirasiga ega V25 ni ishga tushirdi
Chery iCar EREV kuch qurilmasiga ega V25 krossoverini taqdim etdi; rasmiy narxlar 19 500 dollardan boshlanadi, maksimal umumiy yurish zaxirasi esa 1 240 km ga yetadi.

V25 iCar kompaniyasining yurish zaxirasini uzaytiruvchi qurilmaga ega ikkinchi gibrid elektromobili va V oilasining uchinchi modeli boʻldi. Krossover, avvalo, yosh xaridorlarga moʻljallangan boʻlib, orqa yoki toʻliq uzatmali variantlarda taklif etiladi.
Toʻrtta komplektatsiyaning rasmiy narxlari 19 500 dollardan 24 000 dollargacha. Cheklangan muddat davomida narx 18 000–25 000 dollargacha pasaytirilgan: RWD Pro — 18 000 dollar, RWD Max — 19 500 dollar, AWD Max+ — 21 000 dollar, AWD Ultra esa 22 500 dollar turadi. Bu oldindan buyurtma bosqichida eʼlon qilingan narxlardan 1 500–2 400 dollarga kam.
Kuch qurilmasi generator sifatida ishlaydigan, quvvati 115 kVt (154 ot kuchi) boʻlgan 1.5T benzin dvigatelini oʻz ichiga oladi. Orqa uzatmali versiyaning elektromotori 185 kVt, toʻliq uzatmali modifikatsiyaning ikki elektromotori esa 335 kVt quvvat beradi. Barcha variantlar 33,67 kVt·soat sigʻimli LFP batareyaga ega: uni 30 foizdan 80 foizgacha quvvatlash 15 daqiqa vaqt oladi.
CLTC sikli boʻyicha elektr rejimidagi yurish zaxirasi RWD versiyasida 210 km, AWD versiyasida esa 200 km ni tashkil etadi. Generator ishlashi hisobga olingandagi umumiy koʻrsatkichlar tegishincha 1 240 va 1 210 km ga yetadi.
V25 kuzovi iCar modellariga xos burchakdor dizaynni saqlab qolgan. Krossoverning klirensi 197 mm, kechib oʻta oladigan suv toʻsigʻi chuqurligi 600 mm gacha, orqa qismida esa hajmi 22,7 litr boʻlgan tashqi boʻlim koʻzda tutilgan. Haydovchiga yordam berish tizimi 27 ta datchikdan, jumladan, lidardan foydalanadi hamda shahar va shahar tashqarisidagi yoʻllarda avtopilot navigatsiyasini qoʻllab-quvvatlaydi. Falcon 700+ majmuasining asosini unumdorligi 560 TOPS boʻlgan Journey 6P chipi tashkil etadi.
Salonda diagonali 15,4 dyuym boʻlgan markaziy ekran va Qualcomm Snapdragon 8538 protsessori oʻrnatilgan. Brend 2027 yil boshida Buyuk Britaniya bozoriga iCaur nomi ostida chiqishni rejalashtirmoqda.





